"Smart” (Micro Compact Car) qo'shma korxonasi "Daimler Chrysler” konsernining sho'ba kompaniyasi hisoblanadi. Qo'shma korxona "Daimler-Benz” korporatsiyasi va Shveysariyaning soat ishlab chiqaruvchi "Swatch” firmasi bilan hamkorlikda shahar ichida harakatlanadigan mikroavtomobil yaratish maqsadida tuzilgan.
"Smart” avtomobilining nomi ham "S” ("Swatch”), "M” ("Mercedes-Benz”) va ingliz tilidagi "Art” (san'at) so'zlari birikmasidan paydo bo'lgan. "Smart” so'zining inglizcha tarjimasi esa "aqlli” degan ma'noni anglatadi.
"Smart” avtomobilining ilk namoyishi 1995 yil Frankfurtdagi avtosalonda bo'lib o'tgan. 1998 yildan boshlab esa Fransiyaning Ambash shahrida ishlab chiqarila boshlangan. Mikroavtomobillar 1998 yilning kuzidan boshlab sotuvga chiqarilgan bo'lsa-da, "Daimler Chrysler” konserni bu loyiha ustida ishni 1972 yilda boshlagan. 1989 yilda "Swatch” firmasining bo'limlaridan biri original dizayn ishlab chiqadi. Oradan 4 yil o'tgach, "Mercedes-Benz” bu loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqdi. Shu tariqa 1994 yilda "Micro Compact Car” qo'shma korxonasi tashkil topdi.
1998 yildan uch silindrli 0,6 litr hajmli, 45 ot kuchiga ega dvigatel va "kupe” kuzovli "Smart Eco” avtomobilining davomli ishlab chiqarilishi boshlandi. Shu yilning oktyabridan mikroavtomobillar rasmiy ravishda sotuvga chiqarildi. Yevropaning Belgiya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Lyuksemburg, Avstriya, Shveysariya, Ispaniya va Niderlandiyada savdo markazlari ochildi. Oradan bir oz o'tgach, "Swatch” o'zidagi aksiyalar ulushini "Daimler-Benz” korporatsiyasiga sotadi va shu tariqa nemislar "Micro Compact Car” komaniyasining yagona egasiga aylanadi.
1999 yilda kompaniya modellari safida 0,8 litr hajmli, 41 ot kuchiga ega turbopurkagichli dizel dvigatelli avtomobillar paydo bo'ldi. Bir yil ichida "Smart” avtomobillaridan 100 ming dona ishlab chiqarildi.
2001 yilda Yaponiya va Buyuk Britaniya uchun mo'ljallangan ruli o'ng tomonga o'rnatilgan "Smart City-Coupe”, "Smart Cabrio” va "Smart” avtomobillari ham sotuvda paydo bo'ldi. Oradan bir yil o'tib, Jenevadagi ko'rgazmada "Smart Crossblade” namoyish etildi. Shu bilan birga "Smart Roadster” va "Smart Roadster-Coupe” avtomobillarining ishlab chiqarilishi yo'lga qo'yildi.
Shu davrgacha "Smart” avtomobillari ikki kishiga mo'ljallangan bo'lsa, 2003 yilda kompaniya "Mitsubishi” bilan hamkorlikda to'rt o'rinli "Smart Forfour” avtomobilini ommaga namoyish etdi. Oradan ikki yil o'tgach, avtobozorda tashqi tuzilishi Jipni eslatuvchi ikki o'rinli "Crosstown” mikroavtomobillari paydo bo'ldi.
"Smart” avtomobillarining kuzovi uzunligi 2,5 metrni tashkil etadi. Bu esa istalgan joyda to'xtab turish imkoniyatini yaratadi. Kuzov konstruksiyasi ortiqcha energiyani tashqariga chiqarib yuborishga mo'ljallangan. Bu avtomobillarning o'rtacha vazni 720 kilogramm bo'lsa, maksimal og'irligi 980 kilogrammni tashkil etadi. Ғildiraklari o'lchami esa 812 mm. "Smart” avtomobillarining og'irlik markazi kamaytirilgani sababli qaltis burilishlarda avtomobilning ag'darilishi xavfini kamaytiradi.
Avtomobilning dvigateli kuzovning orqasida joylashgan bo'lib, orqa g'ildiraklar harakatni boshlab beradi. Zamonaviy modellardagi turbopurkagichli dvigatellar quvvati 55 ot kuchiga ega.