O‘zbek qizlari deganimizda ko‘z oldimizga kamalak jilosiday atlas ko‘ylakli, sochlari majnuntolni eslatuvchi mayda kokil qilib o‘rilgan, boshqa millat qizlaridan ajralib turuvchi betakror va go‘zal tabassumli qizlar gavdalanadi. Biroq bugungi kunga kelib, ular haqidagi fikrimiz yuqorida tasvirlab o‘tganimizday emasligi barchamizga ma’lum. Shu o‘rinda esa xaqli bir savol tug‘iladi. Nega o‘zbek qizlari haqidagi tasavvurlar o‘zgarib bormoqda? Bu savolga javob izlash har birimizning shaxsiy dunyoqarashimizga bog‘liq. Afsuski men, bugungi o‘zbek qizlarining, tengdoshlarimning kiyinish madaniyati haqida ijobiy fikr bildira olmayman. Chunki bugun ko‘cha-ko‘yda o‘zbek qizlarini boshqa millat qizlaridan deyarli farqlab bo‘lmaydi. Nazarimda, ular Yevropa modasining «asiralariga» aylanib qolishmoqda. Belidan pastda turadigan tor shimlar, qorni ochiq koftalar, kalta yubkalar, bularning bari o‘zbek qizlarining o‘zligini yo‘qotishga zamin yaratib bermoqda. Axir, aytishadi-ku, agar biror bir millatni yo‘q qilmoqchi bo‘lsang, eng avvalo uning madaniyatini yo‘q qil, chunki madaniyatini yo‘qotgan millat o‘z-o‘zidan yo‘qolib boraveradi, deb. Madaniyatimizning ajralmas bo‘lagi esa bu, yoshlarimizning kiyinish madaniyatidir. Shunday ekan, qanday qilib kiyinish madaniyatida yuzaga kelayotgan mazkur holni bugungi kunning dolzarb mavzusi hisoblamasligimiz kerak. Axir, kundan-kunga «zamonaviylashib» borayotgan o‘zbek qizlarining kiyinish madaniyati yo‘qolib bormoqda-ku. Milliy kiyimlarimiz kelinlar sarposini ko‘paytirishgagina xizmat qilib qolayapti. Afsuslar bo‘lsinki, Yevropa uslubida kiyinmaslikni ayrim qizlar zamondan orqada qolish deb hisoblashadi. Lekin bu fikr mutlaqo noto‘g‘ri. Insonning kiyinish uslubi uning madaniyati qanchalik boy ekanligini yaqqol namoyon etuvchi muhim omil hisoblanadi. Yevropa modasida urf bo‘lgan oldi-qochdi kiyimlarni kiyib, o‘zini bugungi kunning zamonaviy qizi deb hisoblovchilar mutlaqo adashadi va aksincha, ular o‘z ma’naviyatining qanchalik qashshoq ekanligini mana shu «zamonaviy» kiyimlari orqali namoyon etadilar. Shu o‘rinda yana bir haqiqatni ham tan olish kerak. O‘zbek qizlarining kiyinish madaniyati negizida ota-onalarning ham muhim o‘rni bor. Chunki qizlarining uydan qanday kiyimda chiqib ketishlarini, avvalo, ularning ota-onalari ko‘rishadi. Ota-onalar orasida esa, afsuski, qizlarning kiyinish uslubiga umuman befarq bo‘lganlar ham talaygina topiladi. Fikrimcha, eng avvalo, ota-onalar qizlarining kiyinishlarini doimiy nazorat qilib turishsa, o‘z navbatida qizlarimiz sipo va orasta kiyinsalar, ular haqida bunday salbiy fikrlar yuzaga kelmaydi. Bu borada, ayniqsa, o‘quvchi va talaba qizlar ibrat bo‘lishlari lozim, deb o‘ylayman. Istaymanki, gul chehrali qizlarimiz hech qachon hech qaysi millat qizidan kam bo‘lmagan holda, go‘zal va betakror, muhimi, haqiqiy o‘zbek qizlari bo‘lib qolishadi.
|